Respublika OITSga qarshi kurash markazining bir guruh xodimlari nimadan norozi?

Xalq manfaatini oʻylash, uning dardi bilan yashash mamlakat taraqqiyotini taʼminlashning muhim vositasi. Har bir murojaat chuqur oʻrganilib, hal etilishi zarur. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham fuqarolar murojaatlariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Respublika OITSga qarshi kurash markazining bir guruh laboratoriya xodimlari nomidan murojaat kelib tushdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Chilonzor tuman boʻlimi tomonidan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunning 38-moddasidagi pensiya tayinlashda ish stajini qoʻshib hisoblash boʻyicha nazarda tutilgan imtiyoz Respublika OITSga qarshi kurash markazining laboratoriyasi xodimlariga nisbatan tatbiq etilmayotganligi bayon etilgan.

Ushbu murojaat Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi va yuridik boshqarmasi bilan birgalikda oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 38-moddasining «g» bandiga asosan immunodefitsit virusi bilan kasallangan shaxslar davolanadigan yuqumli kasalliklar muassasalarida ishlash mazkur muassasadagi ishlangan davrlar uchun ish staji imtiyozli tarzda ikki hissa qoʻshib hisoblanishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi ushbu holatni aniqlashtirish va masalaga ijobiy yechim topish maqsadida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va Sogʻliqni saqlash vazirligiga xat chiqardi. Qoʻmita mazkur masalani qatʼiy nazoratiga oldi. Uning natijalari xususida maʼlumot beramiz.